O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalarning rolini oshirish zarur

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Biznes va iqtisodiyotda raqamli transformatsiya” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya ochilish marosimida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining birinchi o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Janubiy Koreyaning Handong Global universiteti professori Jinvon An biznesda raqamli transformatsiya, raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha biznes jarayonini qayta ko‘rib chiqish, yangi biznes jarayonlarini yaratish yoki mavjudlarini o‘zgartirish kabi mavzularda fikr bildirdi.  
Konferensiyada Ajou universiteti professori Suduk Kim raqamli transformatsiya va elektrlashtirish haqida ma’ruza qildi. U o‘z nutqida raqamli transformatsiyaning afzalliklarini sanab o‘tdi.  
– Bugungi kunda eksportni rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir, – deydi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining iqtisod fanlari doktori, professor Dilfuza Rasulova. – Hozirgi kunda tadbirkorlar, o‘rta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi konferensiyada Yangi O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini rivojlantirish yo‘llari, raqamli transformatsiya, raqamli iqtisodiyot sharoitlarida tijorat banklarining chakana xizmatlarini rivojlantirish, sanoat korxonalarida innovatsion boshqaruvni tashkil etish kabi mavzular ko‘rib chiqildi.    
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, raqamli transformatsiya — onlayn platformalarni rivojlantirish va raqamli mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etish uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga yordam beradi. Raqamli tahlil va ma’lumotlarni qayta ishlash, tezroq tahlil qilishga imkon beradi.  
Konferensiya yakunida raqamli transformatsiyaning afzalliklari hamda hozirgi kunda respublikamizda olib borilayotgan islohotlar, biznes samaradorligini oshirishga ko‘maklashish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, kompaniyalarning o‘sishi hamda rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish jarayonlari muhokama qilindi.  
– Bugungi konferensiya Janubiy Koreyaning Handong Global universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda, — deydi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professori Dilmurod Suyunov. – Mamlakatimiz raqamli iqtisodiyotga kirish yo‘llarini yanada takomillashtirish yo‘nalishida takliflar, ilmiy qarashlarni shakllantirishimiz zarur. Bunda xorijiy rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan bugungi tadbirda Janubiy Koreyaning mashhur olimlari ishtirokida tajriba almashdik. Biznesda raqamli transformatsiya bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan iqtisodiyotda raqamli texnologiyalar orqali transformatsiya jarayonlari qamrovini oshirish masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi. O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishda raqamli texnologiyalarning rolini oshirish zarur.  
 

Shahnoza Mamaturopova,  
Nosir Haydarov(surat)  

Top