Davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirish: ochiqlik va shaffoflik

Bugungi kunga kelib davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun mutlaqo yangicha tizim joriy etildi. Ya’ni davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali “Vacancy.argos.uz” platformasi ishga tushdi.

Endilikda fuqarolar respublikamizning barcha hududlari va sohalar bo‘yicha vakant lavozimlarni ko‘rib chiqishi, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan lavozimga onlayn asosda hujjat topshirishi hamda ochiq tanlovlarda ishtirok etib, davlat fuqarolik xizmatchisiga aylanishi mumkin.  
Yuqoridagi islohot natijasida davlat xizmatiga ishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolarni 15-20 xil turdagi hujjatlarni ko‘tarib, bo‘sh ish o‘rinlarini izlab, sarson bo‘lishlariga chek qo‘yildi hamda turli xil korrupsiyaviy va byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilishi hisobiga ochiq tanlov tizimi jarayonlari tobora takomillashmoqda.  
Shu o‘rinda tanlov bosqichlari hamda amalga oshirish tartiblari xususida ma’lumot berib o‘tish lozim. Demak, dastlab vakant lavozim tegishli vazirlik, qo‘mita va idoralar tomonidan tasdiqlangan malaka talablari asosida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vacancy.argos.uz ochiq portaliga 5 kunlik muddatga joylashtiriladi. Belgilangan 5 kunlik muddat yakunlangandan so‘ng, tanlov komissiyasi kotibi ya’ni, vakant lavozimni e’lon qilgan tashkilotning inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmasi mas’ul xodimi tomonidan malaka talablari o‘rganib chiqiladi.  
Saralash natijalariga ko‘ra, malaka talablariga muvofiq kelgan nomzodlarning bilim salohiyatini aniqlash maqsadida markazlashgan tartibda test sinovlari tanlov komissiyasi kotibi tomonidan 3 ish kunida test sinovidan o‘tishi belgilanadi. Test sinovlari test.argos.uz moduli orqali Agentlikning hududiy filiallarida kuzatuv kameralari bilan jihozlangan maxsus xonada onlayn tartibda o‘tkaziladi. Test to‘rt yo‘nalishdagi 40 savoldan iborat bo‘lib, ularga javob berish uchun nomzodga 50 daqiqa vaqt ajratiladi. Test jarayonlari “You Tube” orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib boriladi.  
Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod uchun suhbat bosqichi belgilangan muddatda tanlov komissiyasi a’zolari (ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadi) ishtirokida, rendom (tasodifiy tanlash) usulidagi savollar asosida o‘tkaziladi. Suhbat jarayoni videoyozuvga yozib olinadi. Agentlik filiali vakili mazkur jarayonni adolatli o‘tishini nazorat qilib boradi va u komissiya a’zosi hisoblanmaydi. Suhbatda ishtirok etgan nomzodni har bir komissiya a’zosi alohida o‘zining shaxsiy kabinetida maxfiy parol va loginni yozib kirgan holda  0-100 ballgacha baholaydi. Umumiy komissiya a’zolari tomonidan qo‘yilgan baholar jamlanib, komissiya a’zolari soniga bo‘linganda, eng yuqori ball olgan (56 balldan yuqori) nomzod g‘olib deb topiladi.  
Suhbat natijalariga ko‘ra, eng yuqori natija qayd etgan nomzodning shaxsiy kabinetiga komissiya kotibi 3 ish kunida natijani ma’lum qilib, komissiya bayoni va ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruqni yuboradi.  
Umuman olganda, kadrlar siyosati sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda 2022 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur qonunda davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash tartibi va shartlari hamda davlat fuqarolik xizmatiga oid barcha munosabatlar aniq belgilab qo‘yilgan.  
Bu borada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Andijon viloyati filiali tomonidan 2021 yilning 1 yanvaridan bugungi kunga qadar salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, filial tomonidan jami 11 ming 161, 2021 yilda 1 ming 781 ,  2022 yilda 8 ming 488 va 2023 yilning 30 iyun kuniga qadar 892 ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etildi. Ushbu tanlovlarda ishtirokchilar tomonidan 51 ming 843 ariza kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida eng ko‘p nomzodlar asosan Mahallabay ishlash boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi (yoshlar yetakchisi lavozimi - 50-60 nafargacha)dagi vakant lavozimlarga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishda adolat va shaffoflikning ta’minlanishi natijasida tanlov ishtirokchilari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi.  
Davlat xizmatchilari xalq bilan davlatni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalqimiz davlat xizmatida professional kadrlar ishlashini xohlamoqda. Shu sababli, davlat fuqarolik xizmatiga har tomonlama yetuk, bilimli va malakali kadrlarning kelishi xalqni davlatga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi, qolaversa, mamlakat taraqqiyotini yuqori bosqichga ko‘tarish hamda xalqimiz turmush farovonligini yuksalishida muhim omil hisoblanadi.  
Doniyorbek Qosimov,  
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi  
Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali yetakchi mutaxassisi.  
O‘zA

Top