“Boburnoma” asarining o‘zbek kitobxonlari uchun taqdimoti o‘tkazildi

Bu yil buyuk shoir bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi nainki O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng nishonlanmoqda.

Shu munosabat bilan bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida italyan tilida nashr etilgan “Boburnoma” asarining o‘zbek kitobxonlari uchun taqdimoti o‘tkazildi.  
Unda davlat va jamoat vakillari, yozuvchilar, shoirlar, pedagoglar, jurnalistlar, talabalar va yosh ijodkorlar ishtirok etdi. 
Taqdimotda  universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov ushbu nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlik aloqalarining yorqin namunasidir, deya ta’kidladi.      
Ma’lumki, “Boburnoma” tarixiy-biografik asardir. Unda xalqimizning azaliy qadriyatlari, ma’naviy xazinalari aks ettirilgan.  Shu kungacha ushbu asar dunyoning o‘ttizga yaqin tiliga tarjima qilingan. Endilikda bu nashrlar qatoriga italyan tilidagi mukammal tarjima ham qo‘shildi. Asar Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlardan biri – “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etildi.      
– Asarni italyan tiliga tarjima qilishda malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarni jalb qildik, – dedi italiyalik noshir Sandro Teti. – Durdona asarlarni  qisqa vaqtda tarjima qilish juda qiyin va katta mas’uliyat talab qiladi. Ijodiy guruhimiz bilan bu jarayonga jiddiy yondashdik. Boisi,  o‘zbekistonliklar bizning tariximizni, adabiyotimizni, madaniyatimizni, urf-odatlarimizni yaxshi bilishadi. Bunga esa o‘zaro ishlash davomida yaqqol guvoh bo‘ldik.    
– Sandro janoblari  O‘zbekistonni adabiyot dunyosida kashf qilgan birinchi italiyalikdir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri  Sirojiddin Sayyid. – Italiyadek katta bir mamlakatda bobokalonimiz Bobur ijodiga bo‘lgan qiziqish va “Boburnoma” asarining nashrdan chiqishi ulkan adabiy jarayondir. Bu albatta, bizga faxr va g‘urur  bag‘ishlaydi.    
“Boburnoma” italyan tiliga Uilyam M.Tekston tarjimasi asosida o‘girilgan. Shuningdek, uning tarjimasi boshqa inglizcha tarjimalarga qaraganda shoir uslubi va g‘oyasini ko‘proq saqlangani, avvalgi tarjimalardagi kamchiliklar tuzatilgani va ma’lumotlar to‘liq berilgani alohida e’tirof etildi.    
Tadbirda so‘zga chiqqan o‘zbek ijodkorlari, adabiyotshunoslari Sandro Tetiga ikki davlat o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada kengaytirish lozimligi, italyan tilidagi durdona asarlarni o‘zbek tiliga o‘girish va keng targ‘ib qilish taklifini bildirdi. Adabiyot olamidagi ezgu vazifalar hali oldinda ekani aytildi.    
Taqdimot so‘ngida noshir Sandro Tetiga  esdalik sovg‘alari topshirildi.



Zulayho Ahmadjonova, jurnalist

Top