Oq yo‘l, sizga bitiruvchilar

Navoiy yuridik texnikumida “Hokim va yoshlar” loyihasi doirasida umumta’lim maktabi bitiruvchilari ishtirokida “Oq yo‘l, sizga bitiruvchilar!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Navoiy shahar hokimi Muratxan Egamqulov ishtirok etib ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi.  
Ta’kidlanganidek, Yangilangan Konstitutsiyamizda ham ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobarga oshirildi. Fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi. Shuningdek, fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilanib, nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun inklyuziv ta’lim ko‘lami kengaytirildi. Farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ota-ona majburiyati sifatida belgilangan bo‘lsa, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida alohida ko‘rsatildi.  
– Joriy yilda shahardagi 20 umumta’lim maktabini 1995 nafar o‘quvchi tamomladi, – deydi M.Egamqulov. – 2017 yilga qadar Navoiy shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan bor-yo‘g‘i 3 maktab respublika maktablari orasida kuchli mingtalikka kirgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ta’limga bo‘lgan e’tibor natijasida 19 maktab bu ro‘yxatga kiritildi. Mana ketma-ket uch yildirki Navoiy shahri tuman-shaharlar umumiy reytingida 1-o‘rinni egallab turibdi.  
2022 yil oktyabr oyida e’lon qilingan Respublika reytingida 13-maktab umumta’lim maktablar orasida birinchilikni ko‘lga kiritgan bo‘lsa, 4 maktabga “Zamonaviy maktab” maqomi berildi. Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilida 3 ta 2490 o‘rinli yangi maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.  
Navoiy shahar 11-sonli umumta’lim maktabi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi ekologik toza maktab” onlayn ko‘rik-tanlovi g‘olibi deb topildi.  
Joriy yilda bitiruvchilarning 91 nafari oltin, 5 nafari kumush medali sohibi bo‘ldi. Shuningdek, 32 nafar o‘qituvchi har oyda “Vazir ustama”sidan 5 million so‘mdan mablag‘ olmoqda. Bundan tashqari, 180 nafar bitiruvchi hali maktabni tugatmasdan muddatidan avval oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lganligi ham islohotlarning samarasini ko‘rsatib turibdi.
– Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi 8-sonli axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabi 11-sinf bitiruvchisi Fozilbek Safarov. – Buning natijasi o‘laroq, yoshlarimiz o‘z bilimlarini namoyish qilgan holda muddatidan avval turli xorijiy davlatlar universitetlari talabasi degan nomga sazovor bo‘layotir. Men ham yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bir vaqtning o‘zida AQSH, Yevropa, Janubiy Koreya va O‘zbekistonning 12  oliygohi talabaligiga qabul qilindim va 382 ming AQSH dollari miqdoridagi grant sohibiga aylandim. Shuningdek, matematika va ingliz tili fanlari bo‘yicha 1070 ball to‘plab, xalqaro SAT sertifikatini ham qo‘lga kiritdim hamda xalqaro oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ldim.  
Uchrashuvda ta’lim muassasasini oltin va kumush medal bilan yakunlagan o‘quvchilarga medallar topshirilib, ularning ota-onalari va ustozlariga minnatdorlik bildirildi.  
 


A.Bo‘riyev,  
S.Aslonov (surat), O‘zA

Top