Chet tili fani bo‘yicha ijodiy imtihonlar qaysi oliygohlarda bo‘lib o‘tadi?

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali o‘tkazilgan ovozli chatda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosh mutaxassisi Zafar Amirqulovning so‘zlariga ko‘ra, pedagogik yo‘nalishlardagi xorijiy tillar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalarida o‘tgan yildan boshlab, kasbiy ijodiy imtihon joriy qilindi.

Mazkur imtihonlar 8 ta oliy ta’lim muassasasida bo‘lib o‘tadi. Bular: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Nukus davlat pedagogika instituti, Andijon davlat chet tillari instituti hamda Namangan davlat chet tillari instituti.  
– Ushbu oliygohlarda xorijiy tillar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlaydigan yo‘nalishlarda ijodiy imtihonlar amalga oshiriladi. Chet tilidan bilim darajasi 4 ta ko‘nikma bo‘yicha baholanadi. Bular gapirish, o‘qib tushunish, yozish va tinglab tushunish ko‘nikmalari hisoblanadi. Yuqoridagi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar 10 iyulga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishlari shart.  
Imtihonlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi.  
– Chet el fuqarolarini yurtimizdagi oliygohlarga o‘qishga qabul qilish tartibi qanday?  
– Xorijlik yoshlarni yurtimizga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilab qo‘yilgan. Xorijlik yoshlar alohida tartibda oliy ta’lim muassasalariga shaxsan murojaat qiladi. Tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Oliy ta’lim muassasalariga belgilangan imtihon yoki suhbat asosida qabul qilinishlari mumkin.  

Top