Ona tili targ‘iboti yo‘lida muhim taqdimot


Bugun Energetika vazirligida “Ona tilim – mangu makonim” va “O‘zbekiston joy nomlari” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sobirjon Qurbonov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi, shoir Safar Olloyor va boshqalar o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish hamda targ‘ib qilish borasida ham tizimli ishlar olib borishga keng yo‘l ochib berganini qayd etdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan chop etilgan ushbu kitoblar bu kabi ishlarning mantiqiy davomidir.
Energetika vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sobirjon Qurbonov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, vazirlikning tegishli buyruqlari qabul qilindi. Joriy yilning 1 yanvaridan barcha vazirliklar, davlat idoralari va mulkchilik shaklidan qat’iy nazar tashkilot va korxonalarda davlat tilida ish yuritish belgilab qo‘yildi.
– Ana shu talablar asosida Energetika vazirligida o‘tgan yilning noyabridan tajriba tariqasida lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish joriy qilindi. Bugun “Ona tilim – mangu makonim” va “O‘zbekiston joy nomlari” kitoblarining taqdimoti o‘tkazilishida ham katta ma’no bor. Negaki, biz avvalroq ushbu kitobni vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar mas’ullariga taqdim etgan edik. Shu o‘rinda aytish kerakki, “Ona tilim – mangu makonim” kitobi o‘zbek tili maqomini yanada ko‘tarishga qaratilgan. Unda yozuvchilar va shoirlarning ijod namunalari jamlangan. “O‘zbekiston joy nomlari” kitobida esa tarixiy va muqaddas qadamjolarimiz nomlarini qayta tiklash bilan bog‘liq manbalar o‘rin olgan. Eng muhimi, bu kitoblarning nashr qilinishi ona tilimiz qadr-qimmatini oshirish va uni targ‘ib qilishda katta ahamiyat kasb etadi, – dedi S. Qurbonov.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchilarga nafaqat mazkur kitoblar mazmun-mohiyati, balki ona tilimizni ulug‘lash va uning jamiyat hayotidagi o‘rniga doir tarixiy va hayotiy misollar asosida o‘zbek tilining nechog‘lik buyukligi ifoda etib berildi.
– Hozirgi kunda dunyoning 70 dan ortiq oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili fakultetlari faoliyat ko‘rsatadi, – dedi shoir Safar Olloyor. – Ular orasida Ispaniya, Germaniya, Amerika, Yaponiya kabi davlatlar ham bor. Bundan tashqari, 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Albatta, bu biz uchun quvonarli. Lekin internet ma’lumotlarida keyingi 50 yil ichida yo‘qolib ketadigan tillar ichida o‘zbek tili ham bor ekan. Buni tahlilchilar ro‘yxatga kiritgan. Demak, biz bugundan ona tilimiz haqida kattaroq nazar bilan qarashimiz kerak. Biz barchamiz birgalikda ona tilimizni mangu makonga, uning dovrug‘ini oshirishga kamarbasta bo‘lishimiz lozim. Shu ma’noda aytish kerakki, “Ona tilim – mangu makonim” kitobini o‘qib chiqdim. Uning menga ma’qul bo‘lgani g‘azal mulki sultoni Alisher Navoiydan boshlab, bugungi yosh qalam sohiblari va sohibalarining ijodidan namunalar kiritilganidir. Biroq ayrim yillar ijodkorlari kitobga kiritilmagan. Shunga qaramay, ona tilimiz targ‘ibotida bu kabi ezgu ishlarni qilish dolzarb va muhim hisoblanadi.


Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri

Top