Oilaviy bayramlarda foydalanish, mashinaga ilib qo‘yish, liboslarga tasvirini tushirish mumkin – Bayroq to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonun Senat tomonidan ma’qullandi

Senatning 42-yalpi majlisida bayroqdan foydalanishdagi cheklovlarni yumshatuvchi qonun loyihasi muhokama qilinib, ma’qullandi. Mazkur hujjat loyihasi 3 kun oldin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingandi. Loyihaning o‘zi 1 iyunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va 16 iyunda yakunlangan.
Prezident qonunni tasdiqlasa, bayroqni quyidagi tadbirlarda foydalanish mumkin bo‘ladi:
— sport musobaqalarida;
— ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida;
— madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda;
— oilaviy bayramlarda;
— xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkin.
Davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos o‘rnatilmoqda. Davlat bayrog‘i tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish mumkin.
Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda — O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda hamda xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Top